Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi

Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoq raisi va bosh kotibidan iborat delegatsiyasini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning ushbu nufuzli tuzilma raisi Tuliya Ekson va bosh kotibi Martin Chungongdan iborat delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Parlamentlararo ittifoqning yuqori darajali vakillari davlatimiz rahbarini Toshkent shahrida tashkilotning yubiley Assambleyasi muvaffaqiyatli tashkil etilgani hamda uning yalpi majlisida dasturiy nutq soʻzlagani bilan samimiy qutladilar.

Bunday keng koʻlamli forumning Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgani va ilgari surilgan tashabbuslar toʻliq qoʻllab-quvvatlangani Yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas islohotlar, ayniqsa, parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalarning xalqaro eʼtirofi ekani taʼkidlandi.

Ittifoq bilan hamkorlik yuksak darajaga chiqib, samarali tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha parlamentlararo forum hamda Toshkent shahrida parlamentlar ayol rahbarlarining 14-sammiti tashkil etildi.

Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Suhbat chogʻida mamlakatlar va xalqlar oʻrtasida tinchlik va konstruktiv muloqotni mustahkamlash, “yashil” taraqqiyot va sunʼiy intellekt sohasida qonun ijodkorligini kengaytirish, xotin-qizlar va yoshlarni parlament faoliyatiga yanada koʻproq jalb etish boʻyicha dasturlarni amalga oshirishda parlament diplomatiyasining ahamiyati qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti hamkorlikni rivojlantirish va parlament diplomatiyasini samarali ilgari surishga qoʻshgan katta hissasi uchun Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungongni “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirladi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston 2017-yilda Ittifoq ishidagi ishtirokini qayta tikladi va bugungi kunda uning ijro etuvchi tuzilmalarida toʻlaqonli qatnashmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling