Tataristondagi dron hujumida yetti nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi

Nijnekamsk shahridagi obyektlarga uyushtirilgan hujum oqibatida jami 13 kishi halok bo‘lib, 39 kishi jarohatlangan.

Tataristonning Nijnekamsk shahrida uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujumda yetti nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Hodisa 10-avgust kuni Nijnekamsk shahrida joylashgan qator obyektlarda sodir bo‘lgan.

Tatariston huquqni muhofaza qiluvchi organlari ma‘lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida jami 13 kishi halok bo‘lgan, 39 kishi turli darajada jarohatlangan.

Halok bo‘lganlar orasida O‘zbekistonning yetti nafar fuqarosi bor.

Hozirda holat Bosh konsulxona nazoratiga olingan. Hodisa tafsilotlariga aniqlik kiritish maqsadida mahalliy vakolatli idoralar va tergov organlari bilan aloqalar o‘rnatilgan.

Sud-tibbiy ekspertiza va zarur rasmiy jarayonlar yakunlangach, vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadlarini mamlakatga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling