"Ekologik transport" tizimiga oid qoidalar buzilganda jarimalar qo‘llash 2 yildan so‘ng boshlanadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
2026-yildan O‘zbekiston sharoitida eko-stiker tizimi kuchga kirmoqda.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, eko-stikerlar uch xil — yashil, sariq va qizil rangda bo‘ladi.
"Dastlab mashinasi sariq yoki qizil stiker olgan haydovchi stikerlar rangini o‘zgartirish huquqiga ega. Mamlakatimizdagi barcha hududlarda diagnostik markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sariq yoki qizil stiker olgan fuqarolar transport vositalarini shu diagnostik ko‘rikdan o‘tkazib, stikerlari rangini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, qizil stikerli avtomashinalar toza hududga kirmoqchi bo‘lganida bevosita xabari berib boriladi. Chunki transport vositalari to‘g‘risidagi ma‘lumotlar va hisobotlar Yo‘l harakati xavfsizligi tizimida elektron tarzda yuritib boriladi", deydi u.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, jarima qo‘llash tizimi 2026-yil 1-yanvardan boshlanmaydi.
Eko-stiker rangi mos kelmaydigan hududga kirilganda haydovchilarga tegishli tartibda jarimalar qo‘llash 2 yildan so‘ng boshlanadi.