Surxondaryo viloyatining tumanlaridan biridagi mahalliy korxona hududida 14 tup gujum, 6 tup archa, 1 tup tut va 1 tup chinor daraxtlari ruxsatnoma olmasdan kesilgani aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Ekologiya boshqarmasining ushbu tuman bo‘limi boshlig‘i mazkur holat bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani tabiatga yetkazilgan zararni kamaytirib ko‘rsatish maqsadida o‘zgartirib berishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 500 dollar pora talab qiladi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.