O‘zbekistonda qurilish obyektlarida ekologik talablar kuchaytiriladi

Shavkat Mirziyoyev ekologiya sohasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida rejalashtirilgan ishlar haqida axborot berildi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi belgilangan meʼyordan yuqori bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda. Bu Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termiz shaharlarida ham qayd etilmoqda. 

Havo ifloslanishining asosiy omillari sifatida sanoatning o‘sishi, uglerod yoqilg‘ilaridan keng foydalanish, transport vositalari sonining ko‘payishi, tabiiy omillar va nazoratning yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan 2030-yilga qadar atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini qisqartirish, sanoat obyektlarida tashlamalarni ushlab qolish ulushini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda PM2,5 bo‘yicha meʼyordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini pasaytirish asosiy maqsadlar etib belgilangan.

Amalga oshirilgan tezkor choralar natijasida Toshkent shahrida havo sifati muayyan darajada yaxshilangan. Jumladan, 2026-yil yanvar-fevral oylarida PM2,5 konsentratsiyasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli pasaygan. 

Endi bu yo‘nalishda hududiy dasturlar bosqichma-bosqich qabul qilinib, har bir viloyatda tahlil va diagnostika, yagona havo monitoringi hamda ifloslanish manbalarini inventarizatsiya qilish ishlari tashkil etiladi.

“Toza havo” loyihasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Mahsulotining maʼlum qismini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqaradigan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy rag‘batlar berish, avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash hamda energiya samarador uskunalarni keng joriy etish ko‘zda tutilgan. 

Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi sanoat korxonalarida majburiy avtomatik monitoring postlari o‘rnatilib, ularning maʼlumotlari yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Bunday talablarga amal qilmagan subyektlar uchun kompensatsiya to‘lovlari keskin oshiriladi.

Qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi. Yangi quriladigan yirik obyektlarni loyihalashtirishda ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish, qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvur va konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya to‘siqlari bilan o‘rash, onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish kabi talablar belgilanmoqda.

Shuningdek, “shamol yo‘laklari”ni saqlash, ekologik ekspertiza xulosasini qurilish jarayonlarida majburiy hisobga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklif etildi.

Tabiiy chang omillarini kamaytirish bo‘yicha ham aniq choralar belgilangan. Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘” barpo etish, Surxondaryo va Sirdaryoda chang bo‘ronlarining oldini olish uchun “yashil devor”lar tashkil qilish, sunʼiy ko‘llar va suv havzalarini barpo etish, poytaxt tumanlarida favvoralarning sonini ko‘paytirish, barglarni kompost va mulcha sifatida qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir. 

Transport sohasida havoni muhofaza qilish bo‘yicha alohida yo‘nalishlar ham belgilangan. Motor yoqilg‘isi standartlarini bosqichma-bosqich kuchaytirish, avtotransport vositalarini “qizil”, “sariq” va “yashil” stikerlarni bergan holda ekologik toifalarga ajratish, texnik ko‘rikni ekologik talablar bilan bog‘lash, eski avtotransportni yangilash dasturlarini amalga oshirish, jamoat transporti ulushini oshirish nazarda tutilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling