O‘zbekistonda to‘qqiz davlatning yangi elchilari ish boshladi

Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi.

28-iyul kuni xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Italiyadan Guido de Sanktis, Falastindan Vaill Battrexi, Saudiya Arabistonidan Saad Abu Xaymid, Kuvaytdan Turki Al-Mekrad, Jazoirdan Jamila Ashur, Malayziyadan Rafeda binti Abdul Aziz, Pokistondan Muhammad Mudassir Tipu, Ozarbayjondan Rashad Mamedov va Qozog‘istondan Yerali Tugjanovlarning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlat rahbari diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini Yangi O‘zbekistondagi sharafli missiyasi boshlangani bilan chin qalbdan samimiy tabrikladi.

Prezident har bir elchiga murojaat qilib, ular vakillik qilayotgan davlatlar bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Marosim yakunida davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli va masʼuliyatli diplomatik faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi. O‘zaro sheriklikni mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilishini taʼkidladi. 

Barcha elchilarni xususiy sektor va hududlar bilan faol ishlashga, joylardagi bunyodkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishishga chaqirdi.

Diplomatlar samimiy qabul va yaratilgan imkoniyatlar uchun chuqur minnatdorlik izhor etib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni faol ilgari surish yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solishlarini taʼkidladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling