Biznes uchun elektr va gazga avans to‘lovi 15% etib belgilanadi

Yangi tartib ASKUE va ASKUG tizimlariga ulangan hamda to‘lov intizomini buzmagan korxonalarga tatbiq etiladi.

Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda energetika va qurilish sohalaridagi yangi tashabbuslarni ma‘lum qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ko‘plab tadbirkorlar elektr energiyasi va gaz uchun 100% oldindan to‘lov aylanma mablag‘larini qisqartirayotganini bildirgan. Endilikda ASKUE va ASKUG tizimlariga ulangan hamda to‘lov intizomini buzmagan korxonalar uchun avans 15% etib belgilanadi.

Prezident energetika sohasidagi boshqaruv tizimi tubdan o‘zgartirilishini ta‘kidladi. Barcha tumanlarda tadbirkorlarning joriy ehtiyojlari va kelgusi rejalarini hisobga oladigan yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Kelasi yildan qurilish sohasida pudratchi va loyihachilar o‘sishini rag‘batlantiruvchi yangi yondashuv joriy etiladi. Qurilish joyidan qat‘i nazar, har bir ishchi-soat uchun eng kam ish haqining 5%i miqdorida mablag‘ rejalashtiriladi.

Bundan tashqari, davlat obyektlari smetasida pudrat korxonalari uchun 7% foyda ko‘zda tutiladi. Qurilishning murakkabligiga qarab, loyihalash ishlariga obyekt qiymatining 4−7%igacha mablag‘ ajratiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling