Ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish taqiqlanadi

Umumiy vazni 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari uchun alohida seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi.

Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasi raqamlashtiriladi. Bu haqda hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimi Ma‘muriy amaliyot moduli masʼul vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.

2026-yil 1-fevraldan umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari uchun alohida seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi.

Ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi.

Avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi.

Avtomototransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda quyidagi hujjatlarni vakolatli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olish yo‘lga qo‘yiladi:

  • avtomototransport oldi-sotdi shartnomasi;
  • “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ tomonidan berilgan auksion bayonnomalari;
  • davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan avtomototransportlarga beriladigan elektron hisob-maʼlumotlar;
  • avtomototransport vositasi mulkdorining maʼlumotlari.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling