Foto: Somup
Bugun O'zbekiston hududida joyida to‘lovlar, QR-kod orqali to‘lov, Telegram kanallarida to‘lov funksiyalari ishlashdan to'xtadi.
Natijada O‘zbekistonda 1-noyabrdan boshlab yirik to‘lov tashkilotlari — Payme, Click va banklarning ilovalari yuqoridagi to‘lov usullarini o‘chirishga majbur bo‘lmoqda.
Endilikda faqat naqd pul va karta orqali sotib olingan mahsulot hamda xizmatlar uchun to‘lash mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda Payme, Click, Apelsin va boshqa to‘lov tashkilotlarining muhim funksiyalari ishlashdan to‘xtagani yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi tushuntirish berdi.
“Fuqarolar, yaʼni siz va biz xaridni amalga oshirganimizda chek olishimiz va ushbu xaridni bir foizini „keshbek“ qilib qaytarib olishimiz lozim. Bu qonuniy huquqimiz. Shunday ekan, mobil ilovalar orqali toʻlaganda chek ham shu ilovada berilishi kerakda. Elektron chek uchun esa keshbek avtomat hisoblanadi”, — deyiladi qoʻmita tushuntirishida.
“Tadbirkorlik subyektlari tomonidan fiskal belgili chek berilishini talab qilish bu normal holat va toʻgʻri qabul qilinishi kerak deb hisoblaymiz”, — deya qoʻshimcha qilingan DSQ o'z tushuntirishida.
Foto: t.me/davletovuz
Jamoatchilik ushbu holatga qanday munosabat bildirdi?
Davletovuzʻning qayd etishicha, QR-kod yordamidagi toʻlovlar korxonalar uchun elektron toʻlovlarni qabul qilishning eng arzon varianti bo'lgan.
"Chunki hech qanday xarajatga olib kelmagan — toʻlov tizimiga ulanib, printerda QR-kodni chiqarib qoʻyib, naqdsiz toʻlovlarni qabul qilsa boʻlardi. Naqd puldan qochish uchun yaxshi imkoniyat edi, endi yana tadbirkorga ortiqcha xarajat, isteʼmolchiga jabr", deb yozadi bloger.
Blogerning fikricha, ushbu qaror sabab onlayn-servislar va onlayn toʻlov tizimlari rivoji zarar koʻradi. “Odamlar oʻz-oʻzidan naqd pul bilan muomala qilishga oʻtadi, bir-ikki aqllining tashabbuslarini deb shuncha ish bir joyga tiqiladi", deya fikr bildirgan Davletov.
Asaxiy internet-doʻkoni asoschisi Firuz Allayevning soʻzlariga koʻra, DSQning bu qarori “yana bir noqulaylik”ni keltirib chiqarmoqda.
“Sotuvchidan chek talab qilinishi, har bir sotuv soliq tomonidan hisobga olinishini tushunaman. Lekin, toʻlov tizimi shunchaki toʻlov qabul qiladigan vositadir. Terminal yoki naqd pul qanday vosita bo'lsa, toʻlov tizimi ham toʻlov qabul qilish uchun vosita. Ular mahsulot sotishmaydi, shunchaki pulni sotuvchiga yechib berishadi yaʼni virtual terminal rolini oʻynashadi. Bu holatda ulardan ham chek talab qilinishi yana bir noqulaylik, xolos”, — deb yozadi u.
Uning fikricha, umumiy summaga sotuvchi chek berganining oʻzi yetarli boʻlishi kerak.
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa holatga "aqlli"larning "ahmoqona" harakatlari o'z-o'zidan bo'lmaydi deb izoh bergan.
"Toʻsatdan hech nima paydo boʻlmaydi. Ayniqsa Yangi Oʻzbekistonda. Kimdadir, qaysidir korchalonda bu vositani bir qoʻlli va monetizatsiya qilish xohishlari paydo boʻlib qolsa, hukumat darrov dastyorga aylanadi qoladi ularning qoʻlida", deydi Bakirov.
Kurbanoff'ning yozishicha, hattoki QR kod orqali to'lovni tadbirkorlarga tushuntirish oson bo'lmagan.
Uning fikricha, odamlar endi QR kod orqali to'lashga ko'nikib borayotgan bu paytda hozirgi o'zgarish ahvolni battar qiyinlashtiradi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling