Bugungi kunda O‘zbekistondagi kompyuter klublari oddiygina internetga ulanadigan joylar emas.
Zamonaviy kompyuter klublar — ko‘p funksiyali kibersport maydonchalari bo‘lib, o‘yinchilar, jamoalar va jamiyatlarni birlashtiradi. Professional mashg‘ulotlar va turnirlar o‘tkazish uchun zarur jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, ko‘pincha kibersport jamoalari va akademiyalarining bazasi sifatida faoliyat yuritadi.
Klublar nafaqat o‘yin markazi, balki turnirlar, strimlar, tematik tadbirlar va kibersport bo‘yicha o‘quv kurslari o‘tkaziladigan madaniy va ijtimoiy markazlarga aylangan. Ular yosh o‘yinchilarni qo‘llab-quvvatlaydi va o‘yin industriyasida karyera qilish uchun imkoniyat yaratadi.
Zamonaviy kompyuter klublari — bu shuningdek, biznes platformalardir. Ular homiylik, mahsulot savdosi va tadbirlar tashkil etish kabi daromad manbalariga ega. Umuman olganda, klublar mamlakatda raqamli madaniyat va kibersportning rivojiga sezilarli hissa qo‘shmoqda.
Biroq, ko‘plab klublarda hali ham bir qator tashkiliy va huquqiy muammolar mavjud bo‘lib, ularni har bir klub alohida hal qilishga majbur bo‘lmoqda. Yagona tuzilma yo‘qligi, ayniqsa noodatiy holatlarda, davlat organlari bilan muloqotni murakkablashtiradi.
Masalan, COVID-19 pandemiyasi davrida restoran, kafe va boshqa bizneslarga ish faoliyatini tiklashga ruxsat berilgan bir paytda, kompyuter klublari eng oxirida ochilgan. Har bir klub mustaqil ravishda davlat idoralariga murojaat qilgan bo‘lsa-da, umumiy pozitsiya va muvofiqlashtirish bo‘lmagani sababli ijobiy natijalarga erishish qiyin bo‘lgan. Bu holat sohani markazlashgan tarzda himoya qilish zarurligini yaqqol ko‘rsatdi.
Kompyuter Klublari Assotsiatsiyasi / Ассоциация Компьютерных Клубов / Association of Computer Clubs kelgusida matnda ushbu nom qisqacha “A2K” shaklida yuritiladi.
A2K — masalalarni tizimli hal qilish uchun tashkil etilgan. A2K kompyuter klublari egalari va vakillarini birlashtirib, tajriba almashish, huquqiy yordam olish va davlat bilan muloqot qilish uchun maydon yaratadi.
Tashabbus ortida kim turibdi?
Biz Kompyuter Klublari Assotsiatsiyasi prezidenti Eldar Kadirov bilan A2K g‘oyasi qanday tug‘ilgani va nima uchun aynan hozir tashkil etilgani haqida suhbatlashdik.

Eldar Kadirov, Ruslan “fr0k” Gizatov, Daniel “icyvl0ne” Lee, Abylay “OxygeN” Xamitov
— Eldar, o‘zingiz haqida biroz aytib o‘tsangiz.
Mening ismim Eldar Kadirov. Men FRAG xalqaro kibersport tashkiloti asoschisi va rahbariman. Frag.gg portalini va Markaziy Osiyoda kibersportni rivojlantirish bilan shug‘ullanaman.
Shuningdek, men O‘zbekistonda kompyuter klublariga dasturiy ta’minot yetkazib beruvchi YoungzSoft xalqaro kompaniyasining rasmiy reselleriman (ccboot.com va icafecloud.com).
Oldin 15 yil davomida kompyuter klublari biznesi bilan shug‘ullanganman, shu sababli bu sohaning texnik va ma’muriy tomonlarini yaxshi tushunaman.
— Nega aynan hozir A2K’ni yaratishga qaror qildingiz?
Bu ehtiyoj allaqachon shakllangan edi. Klublarning muammolari o‘xshash, lekin har biri ularni yakka-yakka hal qilishga urinadi. Bu nafaqat ish tartibiga oid cheklovlar yoki tekshiruvlarga, balki davlat bilan muloqot, litsenziyalash, huquqiy maslahatlar kabi masalalarga ham tegishli. Pandemiya davrida umumiy vakillik tuzilmasi yo‘qligi ayniqsa sezildi.
— Nega assotsiatsiyaning qisqa nomi “A2K”, misol uchun “AKK” emas?
Men kibersport va o‘yinlar dunyosidan bo’lganim uchun, nom ham, logotip ham bizning muhitga yaqin bo‘lishini istadik — raqamli madaniyatga mos. “A2K” ko‘rinish va talaffuz jihatidan zamonaviy va sodda. “AKK”dan ko‘ra esda qoladigan va o‘ziga xos brend sifatida qabul qilinadigan nom.
— A2K oldiga qanday maqsadlar qo‘yayapsiz?
Asosiy maqsad — klub egalari va davlat organlari o‘rtasida barqaror muloqotni yo‘lga qo‘yish. Klub egalari huquqiy yordam, media qo‘llab-quvvatlash, tadbirlar tashkil etish va ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladigan ishchi maydon yaratish. Shuningdek, assotsiatsiya faqat vakillik emas, balki o‘z-o‘zini boshqarish shakliga aylanishini xohlaymiz — ishtirokchilar o‘z mas’uliyatini anglaydi, tajriba almashadi va umumiy maqsad yo‘lida harakat qiladi.
— A2Kning kelajagi qanday?
Biz klub biznesiga aralashmoqchi emasmiz. Bizning vazifamiz — infratuzilmani yaratish: tushunarli, ochiq va qulay. Har qanday tashqi muammo bo‘lsa, klub egalarida ma’lumot olish, yordam so‘rash va zarur bo‘lsa, himoya qilish imkonini beradigan yagona kanal bo‘lishimiz kerak.
— Assotsiatsiyaga kim a’zo bo‘lishi mumkin?
O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan har qanday kompyuter klubi a’zo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bizda Cyber Union (Kiber Ittifoq) loyihasi ham mavjud. Bu yerga turnir tashkilotchilari, jamoa egalari, kibersportchilar va murabbiylar qo‘shilishi mumkin. Asosiy shart — standartlarga amal qilish va jamiyat rivojiga hissa qo‘shishga tayyorlik.
— Siz Cyber Union’ni ham aytib o‘tdingiz. Bu loyiha A2K bilan qanday bog‘langan?
Cyber Union loyihasi 2024-yil yanvaridan buyon mavjud — u O‘zbekistonning yetakchi kibersport vakillari o‘rtasida do‘stona kelishuv sifatida boshlangan.
Bu — kiber sport jamoalari va turnir operatorlarini birlashtiruvchi platforma bo‘lib, u o‘yinchilar va jamoalar reytingini yuritish, shuningdek, shartnoma majburiyatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Endi esa, A2K tashkil topgani bilan, Cyber Union to‘laqonli yuridik shaklga o‘tkazilmoqda.

Cyber Union A2K tarkibidagi mustaqil tuzilma sifatida ishlaydi va kibersport industriyasiga bog‘liq bo’lgan masalalar bilan shug‘ullanadi — turnirlar, tashkilotlararo hamkorlik, o‘yinchilar, murabbiylar va operatorlardan chiqqan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Aslida, bu A2K ichidagi professional hamjamiyat bo‘lib, kibersportni to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlantirishga xizmat qiladi.
A2K — bu uzoq muddatli loyiha bo‘lib, o‘yin industriyasi ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlik tizimini shakllantirishga qaratilgan. Assotsiatsiya Toshkentda ham, hududlarda ham hamkorlik qilishga ochiq.
Kompyuter klublari ekotizimini rivojlantirishda manfaatdor bo‘lgan barcha tomonlarni muloqotga chorlaymiz.
Assotsiatsiya ofisi: Toshkent sh., Yunusobod tumani, 4-massiv, 84. Yunusobod Gallery savdo-ko‘ngilochar markazi.
Sayt: A2K.uz
Pochta: info@a2k.uz
Instagram: @a2kuzb
Telegram-kanal: @a2kuzb