Pokistonda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, fuqaro E.X. O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolganini, vaqtinchalik turar joy va kundalik ehtiyojlar uchun zarur mablag‘ga ega emasligini maʼlum qilib, yordam so‘ragan.
Uning murojaati elchixona tomonidan alohida nazoratga olinib, qisqa fursat ichida zarur konsullik-huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Fuqaroga O‘zbekistonga qaytish uchun tegishli konsullik guvohnomasi rasmiylashtirildi va elchixona xodimlari hamda homiylar ko‘magida aviachipta xarid qilindi. E.X. kuni kecha Islomobod-Toshkent aviareysi bilan O‘zbekistonga qaytarildi.