Yunusobodda ham 24/7 ishlovchi turizm ko‘chasi barpo etiladi

Loyiha doirasida tunu kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari tashkil etiladi.

Yunusobod tumanining Yangishahar ko‘chasida 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi zamonaviy turizm ko‘chasini barpo etish ishlari boshlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, loyiha doirasida hududda kecha-yu kunduz ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi. 

Shuningdek, zamonaviy shaharsozlik standartlari asosida piyodalar va sayyohlar uchun qulay hamda xavfsiz muhit yaratilishi rejalashtirilgan.

Hokimlikka ko‘ra, loyiha tumanning turizm salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va Yangishahar ko‘chasini poytaxtning zamonaviy hamda gavjum maskanlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.

Ayni paytda ko‘chada qurilish va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling