Surxondaryo viloyatining Denov tumanida harakatlanayotgan Cobalt to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan shaxsning yonida 9 kg “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu giyohvandlik vositasi kelgusida sotish maqsadida tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan yetkazib berilganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, Farg‘ona shahrida yashovchi 2 nafar fuqaro ketayotgan avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, ularning yonida 5 kg 862 gramm “gashish” moddasi borligi maʼlum bo‘ldi.
Shundan so‘ng, ulardan ushbu giyohvandlik vositasini har bir kg ni 89 mln so‘mdan kelishgan holda sotib olmoqchi bo‘lgan vaqtida Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro ham qo‘lga olindi.
Bundan tashqari, ushbu giyohvandlik vositasini muqaddam Qirg‘izistonning Botken viloyati, Qadamjoy tumanida narkosavdogardan olib, O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan keltirgan jinoiy guruh yetakchisi - So‘x tumanida yashovchi shaxs ham protsessual tartibda ushlandi.
Shu bilan birga, Farg‘ona tumanida yashovchi shaxs 3 kg 950 gramm “gashish” moddasini xaridorga 38 ming dollarga sotgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, u bilan birga kelgan, jinoiy sherigi – Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro ham qo‘lga olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, 1992-y.t. shaxsning Farg‘ona tumanidagi yashash xonadonidan muqaddam Qirg‘izistondan keltirilgan 868 gramm “gashish” moddasi ham olindi.
Bulardan tashqari, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1969-y.t. mahalliy fuqaro va uning Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1986-y.t. jinoiy sherigi o‘zaro kelishgan holda, Tojikistondan olib kelingan 1 kg 962 gramm “opiy” moddasini xaridorga 200 mln so‘mga sotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1988-y.t. hamda Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi, 1969-y.t. muqaddam sudlangan ikki nafar fuqaro Tojikistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 943 gramm “opiy” moddasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtlarida ushlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 22 kg 585 gr giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.