Farg‘onada mast haydovchi urib yuborgan YPX inspektori vafot etdi

“Spark” haydovchisi qamoqqa olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida mast holda avtomobil boshqargan haydovchi urib yuborgan YPX katta inspektori vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Hodisa 31-iyul kuni soat taxminan 23:30 da O‘zbekiston tumani “O‘qchi” mahallasi hududidan o‘tuvchi 40V064 avtomobil yo‘lining 20-kilometrida sodir bo‘lgan.

1996-yilda tug‘ilgan A.E. mast holda Spark avtomobilini boshqarib ketayotib, tungi xizmatni olib borayotgan Farg‘ona viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati YHXB 2-mintaqaviy hudud YPX otryadi 3-safarbar guruhi katta inspektori, serjant Xayitbek Karimjonovning to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan va uni urib yuborgan.

Og‘ir tan jarohatlari olgan YPX xodimi shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan muolajalarga qaramay, u reanimatsiya bo‘limida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi va 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda

Bosh prokuratura ma‘lumotiga ko‘ra, haydovchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling