Farg‘onada tadbirkorga kredit olib berish evaziga undan ulush so‘ragan bankir ushlandi

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi, deb xabar berdi DXX.

Sharof Rashidov tumani hokimligi mansabdor xodimi tadbirkorning ishonchiga kiradi.

Xodim tadbirkorga tuman melioratsiya bo‘limi balansida bo‘lgan 45 sotix yerni o‘zining yaqin aloqalari orqali olib berish hamda uning 24 yoshli tanishini mahalliy korxonaga ishga kiritib qo‘yish evaziga $500 talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda xodim so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruvda hokimiyat vakili ushbu masalalarni hal qilib berish bahonasida avval ham 3,5 mln so‘m olib, sarflab yuborgani aniqlandi.

Shuningdek, xususiy banklardan birining Farg‘ona bank xizmatlari markazi rahbari tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kiradi.

Mansabdor shaxs bankning bosh ofisidagi tanishlari orqali unga 2,5 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratib berish evaziga kreditning 5% ini, yaʼni 125 mln so‘m talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mansabdori so‘ralgan puldan $10 ming olgan vaqtida ushlandi. 

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling