Farg‘onada 34 kishidan iborat jinoiy guruh qo‘lga olindi

Ular Rossiyadagi fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, 9,5 mln rubldan oshiq mablag‘ni qo‘lga kiritgan.

Farg‘ona viloyatida xalqaro miqyosda juda katta miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar fosh qilindi. Bu haqda DXX xabar berdi

40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan, jami 34 kishidan iborat jinoiy guruh Farg‘ona va Toshkent shaharlarida binolarni ijraga olib, “Koll-markaz”lar niqobi ostida faoliyat yuritgan. 

Ular axborot texnologiyalari yordamida Rossiyada dori vositalari hamda BFQ savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning 70 mingdan ortiq mijozlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni qo‘lga kiritgan. 

Operatorlar SIP telefoniya va Zoiper ilovalari orqali asosan keksa yoshdagilarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari sifatida tanishtirgan. 

Ular go‘yoki kompaniya tomonidan sifatsiz dori vositalari va BFQ sotilganligini taʼkidlagan holda, mijozlarga 500 mingdan 580 ming rublgacha miqdorda to‘lab berilishini aytishgan. 

Buning uchun esa fuqarolar 5 mingdan 20 ming rublgacha miqdorda soliq to‘lashlari kerakligiga ishontirilgan. 

Natijada jabrlanuvchilar jinoiy guruh aʼzolari tomonidan taqdim etilgan turli bank plastik kartalariga jami 9 mln 599 ming 561 rubl o‘tkazib bergan.

Shuningdek, jinoiy guruhning 3 nafar aʼzosi kriptovalyutalar savdosini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olmasdan, jami 470 ming dollarga yaqin kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi tomonidan uyushgan jinoiy guruh aʼzolari tegishli moddalar bilan aybli deb topilib, ularning 21 nafariga 3 yil 6 oydan 9 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan maxrum etish jazolari tayinlandi. 

Qolgan 13 nafariga nisbatan 4 yil 3 oydan 4 yil 6 oygacha muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilanib, jarimalar qo‘llanildi. 

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar esa undiriladigan bo‘ldi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling