Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi.
Unda “Yalla” nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etiladi.
Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” anʼanalari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etiladi.
Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan tashkil etilgan mahorat maktabining ustoz-ijodkorlari Davlat byudjeti hisobidan har oyda HMTEKMning 5 baravari miqdorida rag‘batlantirib boriladi.
Yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida 2026/2027-o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa va sanʼat maktabining iqtidorli o‘quvchilaridan iborat guruh shakllantirilib boriladi.
Ular taʼtil davrida yozgi to‘garakka jalb etilib, estrada xonandaligi bo‘yicha maxsus bepul kurslarda o‘qitiladi.
2026/2027-o‘quv yiligacha zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etiladi hamda u sahna jihoz va liboslari bilan taʼminlanadi.
Maktab va yozgi to‘garakka jalb qilingan o‘quvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib boriladi.