Foto va videoradar orqali qayd etiladigan huquqbuzarliklar ro‘yxati tasdiqlandi

Yo‘l qoidalari buzilganligi qayd etilganda maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran 1 oydan kechiktirmay qo‘llanadi.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjatga ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan maʼmuriy huquqbuzarliklarning qatʼiy ro‘yxati belgilandi. 

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali quyidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar qayd etiladi, jumladan:

  • xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik;
  • transportni boshqarish vaqtida telefondan foydalanish;
  • belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kmdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish;
  • to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi va boshqalar.

Shuningdek, mazkur huquqbuzarliklar uchun jazo qo‘llash muddatlari aniq belgilandi.

Yo‘l qoidalari buzilganligi foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilganda maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran 1 oydan kechiktirmay qo‘llanadi.

Maʼmuriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran 1 yildan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling