Toshkentda gaz hisoblagichlari bilan bog‘liq 19,9 mlrd so‘mlik talon-torojlik aniqlandi

Holat yuzasidan “Hududgazta‘minot” va “Texnopark” mas‘ullari hamda boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkent shahrida elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq 19,9 mlrd so‘mlik talon-torojlik holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

“Hududgazta‘minot” AJ va “Texnopark” MChJning mas‘ul shaxslari hamda boshqalar o‘zaro til biriktirib, elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko‘rsatish bahonasida 19 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Shuningdek, “Texnopark” tomonidan ishlab chiqarilib, “Hududgazta‘minot” tomonidan iste‘molchilarga o‘rnatilgan 273 ta gaz hisoblagichi ko‘rsatkichlarni kam hisoblagani oqibatida 861,1 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling