Germaniyada og‘ir ahvolga tushgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Ruminiyaga ishlash uchun ketgan fuqaro keyinchalik Germaniyaga o‘tgan, biroq hujjatlari va daromad manbai bo‘lmagani sabab og‘ir ahvolga tushib qolgan.

Germaniyada og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosining vatanga qaytishiga ko‘maklashildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Fuqaro aviachipta xarid qilish uchun mablag‘i yo‘qligi sabab O‘zbekistonning Frankfurt shahridagi Bosh konsulxonasiga yordam so‘rab murojaat qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avval Ruminiyaga vaqtinchalik ishlash uchun borgan va ish haqidagi e‘lonni ijtimoiy tarmoqlarda topgan. 

Keyinchalik esa yaxshiroq ish izlab Germaniyaga yo‘l olgan. Biroq Germaniyada qonuniy qolish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari va doimiy daromad manbai bo‘lmagani sabab og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan.

Bosh konsulxona Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda unga aviachipta xarid qilish uchun zarur yordam ko‘rsatib, O‘zbekistonga qaytishini tashkil etdi.

Shuningdek, diplomatik vakolatxona fuqarolarni xorijda ish izlashda ijtimoiy tarmoqlar va tekshirilmagan internet manbalaridagi e‘lonlarga ishonmaslikka chaqirdi. 

Qayd etilishicha, bunday holatlar mablag‘larni yo‘qotish, noqonuniy mehnat qilish va migratsiya qonunchiligini buzish oqibatida murakkab vaziyatlarga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan fuqarolarga xorijga ishlash uchun chiqishdan oldin Migratsiya agentligiga murojaat qilib, ish beruvchi va mehnat sharoitlari bo‘yicha ishonchli ma‘lumotlarni tekshirish tavsiya etildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling