Ish haftasi davomida havo harorati ko‘tarilib boradi

Hafta oxiriga kelib kunduz kunlari havo 10-15 daraja iliqqacha isiydi.

Ertaga hududning katta qismida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Havo harorati kechasi 1-3 daraja sovuqqacha, ba‘zi joylarda 0-5 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kuni esa 0-5 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Respublika shimolida harorat kechasi 7-10 daraja sovuq, kunduzi 0-5 daraja iliq bo‘ladi. 

Respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayadi, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba‘zida 22-25 m/s gacha kuchayishi mumkin.

10-11-mart kunlari respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Tog‘larda qor ko‘chishi xavfi bor.

12-martda kechasi sovuq saqlanib turadi, kunduzi esa sovuq havo massasi respublika hududidan chekina boshlaydi. Havo harorati ko‘tariladi va ish haftasining oxiriga kelib kunduz kunlari havo 10-15 daraja iliqqacha isiydi.

Ushbu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab ba‘zi joylarga tuman tushishi mumkin. 

Toshkentda kechasi biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi 1-3 daraja sovuq, kunduzi 2-4 daraja iliq bo‘ladi.

12-13-martda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi 0-2 daraja sovuq bo‘ladi, kunduzi asta-sekin 11-13 daraja iliqqacha ko‘tariladi.

Shamol shimoli-sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikgacha esadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling