Havo iliqlashishi fonida atmosferada inversiya jarayonlari faollashadi – O‘zgidromet

Mazkur jarayon respublikaning ko‘plab hududlarida atmosferaning pastki qatlamlarida havo almashinuvining cheklanishiga olib kelmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, yog‘ingarchiliklardan so‘ng mamlakatda ob-havo haroratining nisbatan iliqlashishi fonida atmosferada inversiya jarayonlari yana faollashmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Mazkur jarayon respublikaning ko‘plab hududlarida, jumladan Toshkent shahri, Samarqand va Jizzax viloyatlarida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lib, ertalab, kechqurun va tungi soatlarda atmosferaning pastki qatlamlarida havo almashinuvining cheklanishiga olib kelmoqda.

Natijada ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishi qiyinlashadigan noqulay meteorologik sharoit shakllanmoqda.

Tabiiy-geografik joylashuvi, relyef xususiyatlari va sinoptik sharoitlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududi umumiy holda atmosfera inversiyasi tez-tez va deyarli doimiy kuzatiladigan mintaqalar qatoriga kiradi.

Respublika bo‘ylab iliq ob-havo harorati hamda inversiya jarayoni dastlabki prognozlarga ko‘ra mazkur haftaning oxirigacha saqlanib turishi kutilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling