Foto: Telegram
Toshkent shahrida faoliyat olib boruvchi ikki nafar jurnalist Facebook tarmoqlarida qoldirgan postlari va izohlari sababli ularning yaqinlari IIBga chaqirilgani haqida maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, Oyina.uz portali Bosh muharriri oʻrinbosari Inobat Ahatova oʻzining Facebook sahifasida ota-onasi tomonidan unga qoʻngʻiroq boʻlgani, unga koʻra, uyga ichki ishlar xodimi kelib, onasini tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga olib ketgani haqida yozgan.
“Kecha bir holat boʻldi. Xonada oʻtirsam, qishloqdan telefon jiringladi. Olsam, oyimning xavotirli ovozi. Tinchmisan, ahvoling yaxshimi, ishing tinchmi, deb soʻrab ketdi. Yaxshi hammasi, nima gap desam, ota-onamni tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi (pasport stol)ga chaqirishganini aytdi. Salomatligi sabab dadam bora olmagan, onam borib kelibdi.
Qisqasi, oyimning aytishicha, IIB xodimi (oʻzini tanishtirmabdi, onam ham shoshganidan soʻrash esdan chiqqan) oyim bilan Facebookʼdagi postlarim boʻyicha gaplashibdi. Nega bunday yozdi, bu postida nega bunaqa degan, nimaga unaqa, kabi savollar. Ota-onam yoshi katta insonlar, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatmaydi. Tabiiyki, oyim aynan qaysi postimni nazarda tutishganini unchalik tushunmagan. Faqat sal-pal eslagani ancha vaqt avvalgi postlar, soqol, diniy mavzudagi fikrlar boʻlgan (qizigʻi, bu mavzular haqida deyarli umuman yozmayman ham). Suhbat soʻngida telefon raqamimni olishgan, xavotirga hojat yoʻqligi ham aytilgan.
Biroq baribir uzoqdagi oilam uchun yoqimsiz, xavotirli kun boʻldi. Zoʻrgʻa tinchlantirdim, menda hammasi yaxshiligiga ishontirdim.
Umumiy voqea haqida bilsamda, nega bunday boʻlganini, ochigʻi, tushunmadim. Nimaga chaqirishdi, nega postlarni yozgan men emas, ota-onam chaqirilyapti, aynan qaysi postlarim ularga yoqmabdi, gap eski postlar haqida boʻlsa, nega aynan kecha shoshilinch chaqirishgan, maqsadlari nima boʻlgan? Bu ish orqali ota-onam va menga ruhiy bosim qilmoqchi boʻlishdimi?
Telefon raqamimni olishgan, lekin bir kun oʻtsada, ulardan hech kim telefon qilmadi, vaziyatni izohlamadi. Aytmoqchi boʻlgan gapim: men hozir 27 yoshdaman. Oʻz harakati, gapi uchun oʻzi javob berishi kerak boʻlgan, muomala layoqatiga ega fuqaroman. Yoshi ulugʻ, men uchun salomatligi hamma narsadan qadrli boʻlgan ota-onamni boshqa ovora qilmanglar, biror narsani aniqlashtirmoqchi boʻlsangiz, oʻzimdan soʻrang.
Facebookʼga kelsak, u yerda men shaxsiy fikrlarimni konstitutsiyada kafolatlangan fikrlash, soʻz erkinligi huquqimdan foydalanib yozaman. Birovning erkinligi, shaʼniga daxl qilmagan holda, albatta. Kecha, 2022-yil 8-dekabr konstitutsiya kuni sanasi men uchun shunday voqealar bilan esda qoldi. Noaniqlik, savollar, yaqinlarimning xavotirlari”, — deb yozgan u.
Shuningdek, Gazeta.uz nashrining muxbiri Shohruh Haydarov unga ham qoʻngʻiroq boʻlgani va oʻzini IIB tergov-qidiruv boʻlimidan deb tanishtirgan shaxs u bilan gaplamoqchi ekani haqida post qoldirgan.
“Ertalabdan uydan qoʻngʻiroq boʻldi, bu gal begona raqamdan faqat. Koʻtarsam, ichki ishlardanman, uyingga keldim, qayerdasan, qachon kelasan, gaplashib olishimiz kerak, dedi bir notanish erkak. Tinchlikmi, kim bu oʻzi, desam, IIB tergov-qidiruv boʻlimidanman, Facebookʼda bir izoh qoldiribsan, shunga deya javob qaytardi.
Ana, boshlandi buyogʻi. Bechora onam bu narsalarni u qadar tushunmaydi, qon bosimi koʻtarilib ketibdi. Otam xavfsirab, alohida telefon qildilar takror. Xullas, kap-katta yigit kishining uydagilarining tinchini buzishdi, salomatligini xavfga qoʻyishdi!
Kulgilisi, IIO xodimi boʻla turib, qayerda oʻqishimni bilmas ekan, vaholanki, profilimda ham yozib qoʻyganman katta qilib. Toshkentda yashaydi, shu yerga chaqir ishing boʻlsa... Umuman, qayerda yozilgan izoh uchun alohida chaqirtirish borligi?! Qaysi izohimligiga aniqlik kiritmadiyu, kimning postligini aytdi, esga tushdi.
Doʻstlarim, yaqinlarim siyosatga, birovning hayotiga xavf soladigan, izoh yozmasligim, tasdiqlanmagan maʼlumot tarqatmasligimni yaxshi bilishadi. Bu holat Inobat Ahatovada ham boʻlibdi. Kimdir izoh beradimi?” — deyilgan postda.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohrux Gʻiyosov munosabat bildirdi.
Uning qayd etishicha, mazkur ikki holat ham batafsil oʻrganilgan. Maʼlum qilinishicha, Samarqand viloyati Narpay tumani hamda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar IIB rahbariyatining shaxsiy tashabbuslari bilan jamoatchilik faollari tomonidan jamiyatdagi turli hodisalarga hamda vaqtinchalik qiyinchiliklarga xolis yondashishlari soʻrab, I.Ahatova va Sh.Haydarovning yaqinlari bilan suhbat uyushtirilgan.
“Hozirgi kunda jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlanishi, ijtimoiy hodisalarga tanqidiy yondashuv faqatgina quvvatlanadi. Aynan shuning uchun jamoatchilik va OAV vakillari bilan aloqalarni amalga oshirish Ichki ishlar organlarining axborot xizmatlari orqali yoʻlga qoʻyilgan va taʼminlanib kelinmoqda”, — deyiladi xabarda.
Xabarga koʻra, yuqoridagi ikki holat ham oʻrganilgan va masʼullarga tanbeh berilgan.
“Kelajakda Ichki ishlar organlari xodimlarining jamoatchilik nazorati bilan bogʻliq faoliyatingiz boʻyicha soʻrovlar yoki takliflar kelib tushganda Ichki ishlar organlarining Axborot xizmatlariga bogʻlanishingizni soʻraymiz”, — deb xulosa qilgan IIV axborot xizmati rahbari.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling