Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi 3 nafar shaxs kripto-aktivlar bilan shug‘ullanuvchi Andijon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni avtomashinaga majburlab o‘tqazib, unga o‘zlarini go‘yoki organ xodimlari sifatida tanishtirgan.
So‘ngra, jinoiy guruh aʼzolari tovlamachilik yo‘li bilan uning 100 ming dollar kriptovalyutalarni o‘zlashtirib olib, evaziga unga 160 ming qalbaki dollar beradi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda soxta xodimlar qo‘lga olinib, ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yashovchi muqaddam sudlangan shaxs Dushanbe shahrida istiqomat qiluvchi Tojikiston fuqarosini noqonuniy ravishda ushlab turgan.
Aniqlanishicha, denovlik shaxs Dushanbeda yashovchi tanishiga 11 ming dollar bergan va garov sifatida uning sherigini Denov shahrida olib qolgan.
Pullar o‘z vaqtida qaytarilmaganidan so‘ng, mazkur Tojikiston fuqarosini tutqunlikda ushlab, turli xil qiynoqlarga solib, unga og‘ir darajada tan jarohati yetkazgan.
Hozirda denovlik shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Xorazm viloyatida ham o‘zlaridan ko‘cha yasab olib, o‘zgalarga zo‘ravonlik qilgan shaxslar ushlandi.
Jumladan, Urganch va Xiva shaharlarida hamda Bog‘ot tumanida yashovchi 3 nafar fuqaro o‘z hududlarida “ko‘cha yechimi”ga aralashib, jinoyatlar sodir qilib kelishgan.
Ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida ularning har biriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Yangiariq tumanida esa fuqaro yashash xonadonida qimor o‘yinlari tashkil qilgan. Ushbu xonadonda qimor o‘ynayotgan 5 nafar shaxsdan jami 32 mln so‘m va o‘yin kartalari olindi.
Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida muqaddam sudlangan fuqaro o‘zining yashash xonadonida 20 kg 400 gramm “marixuana” saqlab kelgan.
Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.