Foto: Videodan lavha
Davlat bogʻchalaridagi tarbiyachilarning maoshini hech boʻlmasa boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining maoshi bilan tenglashtirish uchun yiliga 2,5 trln soʻm kerak boʻladi. Bu haqda Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, hozirda ushbu masalani oʻz ichiga olgan qonunchilik hujjati ishlab chiqilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, taʼlim tizimimizdagi davlat MTTlarida ishlayotgan pedagoglarning 37 foizi oliy maʼlumotli, nodavlat bogʻchalarda esa bu raqam 25 foizni tashkil etadi. Taʼlim sifati esa oliy maʼlumotli oʻqituvchilar soniga ham bogʻliq. Qishloqlarda oʻrta maxsus maʼlumotli pedagoglarimiz koʻp. Ha, toʻgʻri aytdingiz, oʻrta maxsus maʼlumotli pedagoglarning toifasi yoʻq.
“Biz pedagogika kollejini bitirgan barcha bitiruvchilarimiz oliy maʼlumotli boʻlishini taʼminlashdan manfaatdormiz. Shuning uchun bu borada bir nechta yangiliklar qilinmoqda, qilindi ham. Yaʼni amaliyotga 2+2 oʻqish shakli joriy etildi. Pedagogika kollejini bitirishganidan keyin, test emas, suhbat shaklidagi sinovlardan oʻtgach, OTMning 2-bosqichidan qabul qilinadi.
Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Puchon universiteti, shuningdek, keyingi yildan barcha pedagogika institutlariga 2+2 tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim yoʻnalishida bakalavriat taʼlimini 4 yildan 3 yilga qisqartirdik”, — deydi vazir.
Uning qayd etishicha, maoshlar masalasi hozirgi kunda juda ham dolzarb hisoblanadi. Bu – Toshkent deklaratsiyasida koʻtarilgan 4 ta masaladan biri, yaʼni maktabgacha taʼlim tizimi pedagoglarining imijini oshirish. Imijni oshirish uchun maoshni oshirish kerak.
“Tarbiyachilarning maoshini hech boʻlmaganda boshlangʻich sinf pedagoglarining maoshiga yetkazish uchun qancha mablagʻ kerakligini hisoblab chiqqanimizda, bizga yiliga 2,5 trln soʻm kerakligi maʼlum boʻldi. Bu – katta summa. Shuning uchun hozirda aynan shu masalalarni oʻz ichiga olgan qonunchilik hujjatini ishlab chiqyapmiz. Bu – eng ogʻriqli masala. Biz bu masalani koʻtarmayapmiz, deb oʻylaysizmi? Koʻtaryapmiz. Hammasi moliyaviy resursga borib taqaladi”, — deydi Agrippina Shin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling