Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksport-import banki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blekni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan yili prezident Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar AQSh ishbilarmon doiralari bilan savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki bergani taʼkidlandi.
Ishbilarmonlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ustuvor loyihalarni tizimli ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Eksimbank bilan hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Yirik sanoat va infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish hamda yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.
DFC rahbariyati bilan suhbatda investitsiyaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi. Korporatsiyaning yirik milliy va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish, moliya bozori va energetika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekiston prezidenti AQSh tomonini Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.
Uchrashuv yakunida davlat rahbari huzurida tashrif davomida imzolangan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim almashildi.