2026-yil iyul oyi O‘zbekistonda odatdagidan issiqroq kuzatildi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Oy davomida respublikaning aksariyat hududlarida havoning o‘rtacha oylik harorati iqlimiy me‘yordan 1,3–2,3 daraja, shimoliy va cho‘l hududlarining ayrim joylarida esa 2,5–2,8 daraja yuqori bo‘lgan.
Oyning dastlabki kunlarida nisbatan salqin ob-havo kuzatilib, havo harorati iqlimiy me‘yordan 3–5 daraja past bo‘lgan. Kunduzgi maksimal harorat 27–32 darajadan oshmagan.
Biroq iyulning ikkinchi besh kunligidan boshlab havo harorati izchil ko‘tarilgan. Respublikaning aksariyat hududlarida kuchli issiq 18–19-iyul kunlari eng yuqori darajaga yetgan. Shimoli-g‘arbiy hududlarda esa ekstremal issiq bundan ikki kun avval boshlangan.
Mazkur kunlarda respublikaning katta qismida havo harorati 43–46 daraja, janubiy va cho‘l hududlarida esa 46–50 darajagacha ko‘tarilgan.
O‘zgidromet qayd etishicha, kuzatilgan maksimal haroratlar O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixida qayd etilgan mutlaq maksimum ko‘rsatkichlarga yaqinlashgan.
Bir qator meteorologik stansiyalarda esa havo haroratining mutlaq maksimumi bo‘yicha yangi rekordlar qayd etilgan.