Mansurbek Qilichev O‘zbekistonning Jazoirdagi birinchi elchisi (qarorgohi Qohira shahrida) etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Qilichev Jazoir tashqi ishlar, xorijdagi vatandoshlar va Afrika ishlari vaziri Ahmad Attafga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Qisqa marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Vazir aholisi 50 mln kishilik Jazoirda O‘zbekiston to‘qimachilik kompaniyalari mahsulotlari ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yib, keyinchalik ularni ulkan Afrika qitʼasiga bojsiz eksport qilish imkoniyati borligini maʼlum qildi.
Shuningdek, u mamlakat iqtisodiy zonalarida savdo uylari, omborxonalar va ko‘rgazma zallarini (shou-rumlar) tashkil etish, ishbilarmonlar kengashini shakllantirish hamda hukumatlararo komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
47 yoshli elchi Mansurbek Qilichev 2002-yildan buyon O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlab, Saudiya Arabistonidagi elchixonasi va Dubaydagi Bosh konsulxonasida faoliyat yuritgan.
Mansurbek Qilichev 2021-yil oktyabr oyidan buyon O‘zbekistonning Misrdagi elchisi lavozimida ishlab kelmoqda.