Prezidentning “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2025-yil 1-maydan 2027-yil 1-aprelgacha “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambagʻal oilalar reyestriga (Reyestrlar) kiritilgan, shuningdek, Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli boʻyicha kam taʼminlangan oilalar mezonlariga toʻgʻri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:
- elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha – oyiga bazaviy meʼyordan 150 kVt soatgacha;
- tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy meʼyordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy meʼyordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.