"Biz ham o‘z imkoniyatimizni namoyish etib, maydonga tushamiz" – Fabio Kannavaro

O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kolumbiyaga qarshi 1-tur o‘yinidan avval matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Mutaxassis bu O‘zbekiston uchun ilk Jahon chempionati ekanini taʼkidlab, ertaga barcha muxlislar tomosha qilishini aytdi va futbolchilar ertangi o‘yinga tayyorligini bildirdi.

"Husanov albatta muhim himoyachilarimizdan bittasi, u hali yana-da yuqori darajaga chiqish imkoniyati bor. U ayni paytda ham yuqori darajada o‘yinlar ko‘rsatib kelmoqda. 

O‘ylaymanki, bu yerda eng yaxshi fazilatlarimizni, o‘zbeklarning mentalitetini namoyish qilishga kelganmiz. Men jamoa bilan ishlaganimda o‘z tajribamni ulashishga harakat qildim. Chunki men ham qachonlardir ilk bor Jahon chempionatida debyut qilganman va o‘z tajribalarimni yetkazib boryapman", – deydi Kannavaro. 

Italiyalik murabbiy Kolumbiya va Portugaliya kabi jamoalar yuqori darajadagi o‘yin namoyish etishini aytdi. 

"Ularning tarkibida kuchli futbolchilar bor. Ularga qarshi o‘yinda ehtiyotkorlik bilan o‘ynaymiz. Biroq Kolumbiyada nafaqat Xames, balki ko‘plab yaxshi darajadagi futbolchilari bor. 

Kolumbiyani tahlil qildik, oxiriga qadar o‘ynaydi. Biz ham o‘z imkoniyatimizni namoyish etib, maydonga tushamiz", – dedi Fabio.

Kannavaro ushbu stadionga avval ham kelganini aytdi va bu yerda Maradonna eng yorqin gollarini kiritganini eslab o‘tdi. 

"O‘FA akademiyalarga, infratuzilmalarga juda ham ko‘p e‘tibor qaratmoqda. Mamlakatda futbol rivojlanib boryapti. Bu O‘zbekiston uchun ilk Jahon chempionati. Men O‘zbekistonning ilk Jahon chempionatida bosh murabbiy sifatida ishtirok etayotganimdan xursandman", – dedi murabbiy.

"Bizni juda ham qiziq va shiddatli o‘yinlar kutib turibdi. Raqiblarimiz ham yuqori darajadagi jamoalar. Biz ilk bor bu musobaqada ishtirok etyapmiz, ushbu musobaqaning har bir uchrashuvidan zavqlanishimiz va tajriba olishimiz kerak", – deya qo‘shimcha qildi Kannavaro.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling