Toshkent metropolitenida yo‘l haqini to‘lashning 10 dan ortiq turi mavjud. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, ko‘plab bekatlarda chipta sotib olish uchun mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan bankomatlar o‘rnatilmoqda.
Shu sababli, kassa operatori lavozimidagi xodimlariga bo‘lgan talab kamayib bormoqda. Shu munosabat bilan yopilgan kassalardagi operator lavozimi ish o‘rinlari bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda.
Jumladan, birinchi bosqich doirasida 204 ta kassa operatori lavozim shtatlari qisqartirildi.
Avtomatlashtirilgan bankomatlarni metropolitenning barcha bekatlarida yil yakuniga qadar o‘rnatish rejalashtirilgan.
Buning natijasida Toshkent metropolitenida kassa operatori va katta operator lavozimlariga bo‘lgan ehtiyoj qolmaydi hamda ushbu lavozimlar to‘liq tugatiladi.
Ma‘muriyat tomonidan xizmat lavozimi qisqartirilayotgan har bir xodimga, o‘z istak va imkoniyatlaridan kelib chiqib, kasb-hunar o‘rganish kurslarida ishtirok etish taklif qilinadi.
Ular buxgalteriya, tikuvchilik, qandolatchilik va shu kabi boshqa yo‘nalishlardagi kurslardan birini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu o‘quv kurslarining to‘lovlari belgilangan tartibda "Toshkent metropoliteni" DUK tomonidan to‘liq qoplab beriladi.