Qoraqalpog‘istonda qariyb 1,8 mlrd so‘mlik gaz ballonlari talon-toroj qilingani aniqlandi

Kegeyli va Taxtako‘pir tumanlaridagi gaz ta‘minoti bo‘limlarida jami 1848 dona suyultirilgan gaz balloni o‘zlashtirilgani yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli va Taxtako‘pir tumanlarida qiymati qariyb 1,8 mlrd so‘mlik suyultirilgan gaz ballonlari talon-toroj qilingan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

“Kegeylitumangaz”ta‘minoti bo‘limining moddiy javobgar shaxslari qiymati 741 mln so‘mlik 781 dona suyultirilgan gaz ballonini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

“Taxtako‘pirtumangaz” ta‘minoti bo‘limining moddiy javobgar shaxslari qiymati 1 mlrd so‘mlik 1067 dona suyultirilgan gaz ballonini o‘zlashtirgani ma‘lum bo‘lgan.

Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling