Toshkentda ikki niqobli yigit pichoq bilan doʻkonga bostirib kirdi — video

Maʼlum boʻlishicha, ulardan biri oliygoh talabasi boʻlgan. Ularning aytishicha, pul kerak boʻlib qolgani sabab doʻkonni tunamoqchi boʻlishgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

Toshkentda Chorsu bozori yaqinida niqob kiyib, pichoq bilan qurollangan ikki yigit mahalliy doʻkonlardan birini tunamoqchi boʻldi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ular sotuvchini pichoq bilan qoʻrqitgan paytda doʻkonga boshqa bir xaridor kelib qolgan. Shu sabab niqobli yigitlar jinoyat sodir etgan joydan qochib ketishgan.

Videokuzatuv kameralari yordamida jinoyatchilar qoʻlga olingan. Maʼlum boʻlishicha, ulardan biri poytaxtdagi oliy oʻquv yurtlaridan birining 1-kurs talabasi boʻlgan.

Qoʻlga olinganlarning aytishicha, ularga pul kerak boʻlib qolgan. Pul topish uchun bu yoʻldan boshqa yoʻl topisholmagan.

“Chorsu bozori yonida uchrashdik. Biz niqoblar, pichoqlar va qoʻlqoplar sotib oldik. Keyin doʻkonga bordik”, - dedi ulardan biri.

Qoʻlga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Mazkur moddada 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi qamoq jazosi qoʻllanilishi belgilangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling