Senatning 10-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga mahkumlarning jazoni o‘tash muddati ular tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan qisqartirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksi jazoni o‘tash muddatini shaxs tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan qisqartirishni nazarda tutuvchi 741-modda bilan to‘ldirilmoqda.
Bunda mahkumlar tomonidan to‘g‘ri maʼnaviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qisa va ushbu kitoblarni o‘qiganligi fakti tasdiqlangan taqdirda jazoni o‘tash muddati har bir o‘qilgan kitob uchun 3 kunga, biroq bir yilda ko‘pi bilan 30 kungacha sud tomonidan qisqartirilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Ushbu norma faqat jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi nazarda tutilgan (umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlardan tashqari) shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.
Qonunchilikka kiritilayotgan ushbu o‘zgartirishlar bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan 13,5 mingdan ortiq mahkumlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 12810 va 131-moddalarida nazarda tutilgan, yaʼni yo‘l bezoriligi va transport vositalarini mastlik holatida boshqarganlik uchun sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun sud tomonidan muayyan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarni profilaktik hisobga olinishi alohida toifa sifatida belgilanmoqda.
2024-yilda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan 11 mingga yaqin shaxs tomonidan 23 582 ta yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari aniqlangan.
Buning oqibatida 1 019 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, unda 295 nafar fuqaro vafot etgan va 873 nafari jarohatlangan.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.