Toshkentdagi ayrim ko‘chalar taʼmirlash sabab vaqtincha yopiladi

Bunga ta‘mirlash ishlari olib borilishi sabab bo‘ladi.

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mingbuloq ko‘chasi 24-martdan 31-martgacha yopiladi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bunga elektr ta‘minotini yaxshilash hamda iste‘molchilarga sifatli elektr xizmatlarini ko‘rsatish ishlari olib borilishi sabab bo‘ladi.

Shu bois Mingbuloq ko‘chasining Xamroyeva ko‘chasidan kirish qismida harakat vaqtincha cheklanadi. Avtoulovlar yo‘lning ikkinchi bo‘lagidan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanadi. 

Shuningdek, Do‘rmon yo‘li ko‘chasidan Mingbuloq ko‘chasiga harakatlanish mumkin bo‘ladi.

Mingbuloq ko‘chasidan Shukur Burxonov ko‘chasiga harakatlanish vaqtincha cheklanadi.

Bundan tashqari, Yunusobod tumanida obodonlashtirish ishlari olib borilishi munosabati bilan 23-martdan 7-aprelgacha (shu kuni ham) Amir Temur xiyoboni hududi butun perimetri bo‘ylab vaqtincha yopiladi.

Cheklovlar faqat Maxtumquli, Istiqbol, Sayilgoh ko‘chalari hamda Amir Temur va Mustaqillik shohko‘chalari chegaralarida joylashgan xiyobon maydonining o‘ziga taalluqlidir.

Ishlar davomida piyodalar yo‘laklari qoplamasini ta‘mirlash va qisman yangilash, muhandislik kommunikatsiyalari va sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, hududni ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilgan. 

Belgilangan muddatda xiyobon hududiga olib chiquvchi metro bekatlarining chiqish yo‘llari ham vaqtincha yopiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling