O‘zbekistonda yarim yilda 171 mingdan ortiq ko‘chmas mulk bitimi tuzildi

Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,3% ko‘p. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo, Toshkent shahri va Navoiyda qayd etildi.

2026-yilda ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli darajada oshdi. Bu hadqa Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.

Mart oyidagi yuqori ko‘rsatkichdan keyin aprel–may oylarida kuzatilgan tuzatishdan so‘ng, iyun oyida bitimlar soni yana o‘sib, 2025-yil iyun oyiga nisbatan 20,4 foizga, 2024 yil iyun oyiga nisbatan esa 24,9 foizga yuqori bo‘ldi.

Iyun oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 25 mingtadan oshib, o‘tgan oyga nisbatan 23 foizga ko‘paydi.

Faollikning o‘sishi respublikaning barcha hududlarida bitimlar sonining ortishi bilan kuzatildi.

May oyiga nisbatan eng yuqori o‘sish surʼatlari Buxoro (50,1%), Navoiy (41,5%) va Samarqand (31,8%) viloyatlarida qayd etildi.

Nisbatan moʻtadil o‘sish surʼatlari Andijon (17,9%), Toshkent (12,2%) va Xorazm (0,9%) viloyatlarida kuzatildi.

Yillik hisobda eng yuqori o‘sish surʼatlari Toshkent shahrida (35,7%), Sirdaryo (26,9%) va Navoiy (26,3%) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (23,3%) qayd etildi.

Nisbatan moʻtadil o‘sish Jizzax (5,7%), Farg‘ona (3,6%) va Toshkent (3,3%) viloyatlarida kuzatildi.

2026-yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari umumiy soni 171 mingtadan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,3 foizga ko‘paydi. Absolyut hisobda o‘sish 34,5 mingta bitimni tashkil etdi.

Tahlil qilingan davrda respublikaning barcha hududlarida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni oshdi.

Eng yuqori o‘sish surʼatlari Sirdaryo viloyatida (36,4%), Toshkent shahrida (34,9%) va Navoiy viloyatida (30%) qayd etildi.

O‘sish surʼatlari nisbatan moʻtadil bo‘lgan hududlar qatoriga Xorazm (16,7%), Buxoro (15,4%) va Farg‘ona (12,1%) viloyatlari kirdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling