Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026-yil yanvar oyi bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori tahlilini taqdim etdi.
Ko‘chmas mulk bozori faolligi va hududiy dinamika
Yanvar oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 28,6 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bitimlar soni qariyb 12%ga oshdi.
Yil boshidan buyon ko‘chmas mulk savdolari dinamikasi respublika hududlarida ijobiy tendensiyalarni namoyon etmoqda. Respublika ko‘chmas mulk bozorining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, savdolar hajmi 33,4%ga oshdi. Bu esa respublikaning barcha hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Shuningdek, Samarqand (26%) va Sirdaryo (24%) viloyatlarida ham bitimlar sonining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
Respublika miqyosida ikkillamchi uy-joy bozorida narxlar dinamikasi
Yanvar oyida ikkillamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlarning moʻtadil o‘sishi qayd etildi.
Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kv. metr uchun o‘rtacha narx bir oyda 0,9%ga oshdi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar o‘sishi 8%ni tashkil etdi.
Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi. Bu hududlarda uy-joy narxlarining o‘rtacha o‘sishi qariyb 24%ni tashkil qildi. Shuningdek, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham narxlar 16%ga oshdi.
Toshkent shahrida ikkillamchi va birlamchi uy-joy narxlari dinamikasi
Yanvar oyida Toshkent shahrida ikkillamchi uy-joy bozorida 1 kv. metr uchun o‘rtacha narxi qariyb 1120 dollarni tashkil etdi va oylik hisobda 0,6%ga oshdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar qariyb 2%ga o‘sdi.
Ikkillamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Yakkasaroy (5,7%) va Mirabad (4,3%) tumanlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, poytaxtning birlamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi nisbatan yuqori bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan yangi qurilgan uy-joylarda 1 kv. metr uchun o‘rtacha narx 9%dan ko‘proqqa oshdi.
Birlamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Mirobad (18,4%) va Mirzo-Ulug‘bek (17,3%) tumanlarida qayd etildi.
Toshkentda ijara bozori tahlili
Yanvar oyida poytaxtda uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati 1 kv. metr uchun qariyb 8,8 dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9%ga yuqori.
Ijara narxlarining eng yuqori ko‘rsatkichi poytaxtning Mirobad, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida saqlanmoqda. Bu tumanlarda ijara narxi 1 kv. metr uchun o‘rchata 11 dollar atrofida.
Ayni paytda ijara narxlarining o‘sish surʼatlari jadallashuvi Olmazor, Yunusobod, Yashnobod, Chilonzor va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida ko‘proq kuzatilib, ushbu hududlarda yillik o‘rtacha o‘sish qariyb 13%ni tashkil etdi.