Buxorodagi yong‘indan 3 kishi qutqarildi, 7 nafari evakuatsiya qilindi

Yong‘in Kogon shahridagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

Buxoro viloyati Kogon shahri, “Temiryo‘lchilar” MFYdagi xonadonlardan birida 15-iyul kuni soat 03:38 da yong‘in sodir bo‘layotgani haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligining “112” xizmatiga xabar kelib tushdi.

Qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borib, yong‘inni soat 03:46 da qurshab oldi va 04:40 da to‘liq bartaraf etdi.

Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in sodir bo‘lgan uydan 3 nafar fuqaro sog‘-salomat qutqarildi. 

Shuningdek, yong‘inning qo‘shni uylarga tarqalish xavfi sabab 7 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi.

Yong‘in oqibatida xonadonning taxminan 50 kvadrat metr maydonidagi pol qismi, devorlari va ayrim uy jihozlari yongan. 

Shu bilan birga, qutqaruvchilar 650 kvadrat metrga yaqin hudud hamda qo‘shni uy-joylarni yong‘indan saqlab qolgan.

Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar aniqlanmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling