Samarqand viloyatining Urgut tumanida imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mirni talon-toroj qilish holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Samarqand filiali “Zarafshon” ko‘mir ombori mas’ul shaxslari aholi va byudjet tashkilotlariga imtiyozli narxlarda tarqatish uchun ajratilgan 21 tonna ko‘mirni boshqa shaxslarga sotish maqsadida fuqaro U.N.ga tegishli yuk avtomashinasida Urgutga olib kelgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda ushbu ombor mudiri M.B. va boshqalar umumiy bahosi 915,7 mln so‘mlik jami 1765 tonna ko‘mirni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling