Uy-ro'zg'or ishlari o'zbek ayollarining iqtisodiy faolligini pasayishiga olib kelmoqda — PMTI

Ekspertlar oʻzbek ayollarining martabaga erishish imkoniyatlarini tahlil qildi.

Foto: UzReport.news<br>

Foto: UzReport.news

PMTI mutaxassislari oʻzbekistonlik ayollarning martabasi oshishi yoʻlidagi asosiy muammolarni aniqlash maqsadida joriy yilning oktyabr oyida ishlaydigan ayollar oʻrtasida soʻrov oʻtkazdi.

Qayd etilishicha, unda turli sohalarida faoliyat yurituvchi 16-65 yosh oraligʻidagi 300 nafar ayol ishtirok etgan. Respondentlarning oʻrtacha yoshi 36 yosh. Soʻrovda oliy maʼlumotli (68%), ilmiy darajaga ega (13,6%), oʻrta maxsus (20,6%) va umumiy maʼlumotli (7%) ayollar ishtirok etdi. Respondentlardan 65,8% ining ikki nafar va undan ortiq farzandi bor, 25% turmush qurmagan yoki ajrashgan.

Bugungi kunda xotin-qizlar bandligini taʻminlash, barcha sohalarda gender tengligiga erishish, mehnat bozorida kamsitishlarga barham berish va ish haqi tengligini taʻminlash butun dunyoda dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Pandemiya ayollar bandligiga juda salbiy taʻsir koʻrsatdi. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) maʼlumotlariga koʻra, 2019-2020-yillarda ayollar bandligi 4,2% ga kamaygan va jami 54 millionta ish oʻrni boy berilgan. Bu 2020-yilda ishlaydigan ayollar soni 2019-yildagiga nisbatan 13 million nafarga kamayganligini anglatadi.

XMT hisob-kitoblariga koʻra, 2022-yilda mehnatga layoqatli aholining mehnat bozorida ishtirok etish darajasi 60% ni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich erkaklar oʻrtasida 71,9% ni, ayollar orasida esa 46,6% ni tashkil qilgan. Umuman olganda, ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarning iqtisodiy faolligidan 1,5% kam.

Butun dunyoda boʻlgani kabi, Oʻzbekistonda ham ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan past. 2021-yil yakunlariga koʻra, bu koʻrsatkich ayollar orasida 41,3 foizni, erkaklar orasida esa 56,9 foizni tashkil etdi. Oʻzbekiston ayollarining mehnat bozoridagi iqtisodiy faolligi 30 yoshdan boshlanadi. Sababi, oʻrtacha 22/23 yoshida turmush quradi va undan keyin kamida 2 yilni tugʻruq taʼtilida oʻtkazadi. Undan soʻng mehnat bozoriga qaytadi, lekin qisqa vaqtdan keyin ularning takroriy tugʻruq taʼtiliga chiqish ehtimoli yuqori.

2016 va 2021-yillarda Iqtisodiyotda band bo’lgan ayollarning tarmoqlar bo’yicha taqsimlanishi (foizda)

2016 va 2021-yillarda Iqtisodiyotda band bo’lgan ayollarning tarmoqlar bo’yicha taqsimlanishi (foizda)

30 yoshida ayollar martabaga erishish bilan shugʻullana boshlaydi. Ayollarning tez-tez dekret taʻtili va farzandlari salomatligi tufayli kasallik taʻtiliga chiqishi ish beruvchilar orasida ayollarning potentsial xodim sifatida jozibadorligini pasaytiradi. Erkaklarning potensial xodim sifatidagi afzalliklari shundaki, ular tugʻruq taʻtiliga chiqmaydi (qonuniy huquqi boʻlsa ham), ishda ushlanib qolishga tayyor, ish boʻyicha safarlarga borishda hech qanday toʻsiqlar yoʻq.

Oʻzbekistonda mehnatga haq toʻlashdagi jiddiy tafovutning asosiy sabablaridan biri – bu kasb segregatsiyasidir. Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, ishlaydigan ayollar erkaklarga nisbatan oʻrtacha 39% kam maosh oladi. Jahon banki ekspertlarining fikricha, bu, jamiyatda hukm surayotgan qarashlar va Oʻzbekistonda kasblarning erkaklar va ayollar uchun moʻljallangan kasblarga ajratilishi bilan bogʻliq.

Oʻzbekiston xotin-qizlarining iqtisodiy faolligi pastligi, avvalo ularning uy-roʻzgʻor ishlari va bola parvarishi bilan toʻliq band ekanligi bilan bogʻliq. Oʻzbekiston ayollari vaqtining 22%  uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi. Bu ish haqi toʻlanmaydi mehnat hisoblanadi, erkaklar esa vaqtining 9% ini uy yumushlariga sarflaydi. Uy ishlari bilan bogʻliq katta masʼuliyat oʻzbek ayollarining mansab pillapoyalaridan yuqori koʻtarilishiga toʻsqinlik qiladi.

“Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistondagi anʼanalarga koʻra, uy ishlari va farzandlar tarbiyasi bilan shugʻullanish ayolning asosiy vazifasi hisoblanadi. XMT tadqiqotiga koʻra, Oʻzbekiston aholisining 80% oilada erkakning roʻzgʻor tebratishi, ayolning esa uy yumushlari va bolalar bilan shugʻullanishini afzal koʻradi. Mamlakat aholisining 93% turmush oʻrtogʻi ishlamasa ham, koʻpchilik uy yumushlarini ayol bajarishi kerak, deb hisoblaydi. Bunday qarashlarning barchasi jamiyatda ham, mehnat bozorida ham gender tengsizligi mavjudligidan dalolat beradi”, — deyiladi hisobotda.

Taʻkidlanishicha, soʻnggi 5 yil ichida ayollarning martabaga erishishi, mehnat bozoridagi ishtiroki yoʻlidagi koʻplab toʻsiqlar sezilarli darajada kamaygan. Bu jarayonda hukumatning jamiyat va iqtisodiyotda gender tengligiga erishish boʻyicha qabul qilingan qarorlari asosiy omil boʻlmoqda. Biroq oʻzbek ayollari uchun martabaga erishish erkaklarga nisbatan ancha qiyin.

Soʻrov natijalari (ayollarning 70%) erkaklar orasida “ayol faqat uy ishlari va bolalar bilan shugʻullanishi kerak”, degan fikr mavjudligini tasdiqladi. Bu fakt ekonometrik model natijalari bilan tasdiqlandi, xususan, ayolning ishlash yoki ishlamaslik ehtimoliga, birinchi navbatda, ularning oilaviy holati taʼsir qilishi maʼlum boʻldi.

PMTI mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, oʻzbek ayoli aslida kuniga 12 soat ishlaydi, 7−8 soat ishxonada va undan keyin oʻrtacha 4 soat uy ishlari bilan band.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling