Kreativ parklar, restavratsiya, madaniyat markazlari: kreativ iqtisodiyot qanday rivojlantiriladi?

Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. 

Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotning YIMdagi ulushini 5 foizga yoki 145 trln so‘mga yetkazish, eksportni 1 mlrd dollarga olib chiqish, sohadagi band aholini 500 ming nafardan oshirish maqsad qilingan.

Taqdimotda Toshkent shahrida joylashadigan Kreativ industriya parkining konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Unda yashil bog‘, art-obyektlar, xalqaro dasturlash tarmog‘ining Toshkent maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilyonlar, kovorking markazi va ofislar, kino va video ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi, kreativ industriya kampusi hamda yoshlar va ijodkorlar uchun mehmonxona barpo etiladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida kreativ parklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentda kreativ park rezidentlari uchun ijara maydonlari, studiyalar, media va anjuman zallari, tijorat va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashtirilsa, Nukus shahrining Istiqlol bog‘idagi mavjud pavilyon rekonstruksiya qilinib, ko‘p funksiyali jamoat-madaniyat markaziga aylantiriladi.

Nukusdagi kreativ park loyihasining eʼtiborli jihati shundaki, unda O‘zbekistonning “EKSPO-2025”dagi milliy pavilyoni joylashtiriladi va yonida zamonaviy kutubxona barpo etiladi.

Madaniyat markazlarini zamonaviy andoza asosida rivojlantirish bo‘yicha pilot loyiha ishlab chiqilgan. Loyiha Toshkent, Qo‘qon, Buxoro va Samarqanddagi 4 ta markazni qamrab olgan bo‘lib, birinchisi Toshkent shahridagi “Gulshan” madaniyat markazi negizida tashkil etilmoqda. Unda “madaniyat – taʼlim – hordiq – muloqot” zanjiri asosida turli yo‘nalishlaridagi klublar, ustaxonalar, studiyalar va to‘garaklar tashkil etiladi.

Taqdimotda Buyuk Britaniya Qirollik jamg‘armasi maktabi tajribasi asosida Toshkent shahrida Anʼanaviy sanʼat oliy maktabini tashkil etish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Ushbu oliy maktab kulolchilik va g‘isht terish, manzarali bezak, yog‘och o‘ymakorligi, arxitekturaviy xattotlik, geometrik va biomorf naqsh yo‘nalishlarida bakalavriat va magistratura dasturlarini amalga oshiradi. Taʼlim ingliz tilida olib boriladi, ikki yillik dastur asosida mutaxassislar tayyorlanadi. 2027-yilda 50 nafar mutaxassis tayyorlash, 2031-yilga kelib, yiliga 80 nafar kadr quvvatiga chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, taqdimotda Milliy restavratsiya institutini tashkil qilish, Samarqand shahridagi Bibixonim masjidini restavratsiya qilish, “Turkiston” yozgi amfiteatrini taʼmirlash loyihalari ko‘rib chiqildi. 

Loyihalashtirish va restavratsiya ishlarini UNESSO bilan to‘liq kelishilgan holda bajarish zarurligi qayd etildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling