Prezidentning tegishli qarori bilan Madaniyat va san‘atni rivojlantirish jamg‘armasi huzurida “Madaniy loyihalar milliy operatori” davlat muassasasi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Yangi muassasa Madaniyat vazirligi huzuridagi “Xalqaro festivallar direksiyasi” negizida tashkil etilib, xalqaro va respublika miqyosidagi madaniy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.
Qarorga ko‘ra, Milliy operator jamoat tartibini ta‘minlash, tez tibbiy yordam va yo‘l-patrul xizmati xizmatlaridan bepul foydalanadi.
Shuningdek, u tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar uchun O‘zbekistonga olib kiriladigan sahna va texnik uskunalar, musiqa asboblari, LED-ekranlar, dronlar hamda boshqa jihozlar 2030-yil 1-yanvargacha bojxona bojidan ozod etiladi.
Bundan tashqari, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali 2027-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
Milliy operator festivalni tashkiliy va texnik jihatdan tayyorlash hamda o‘tkazish bo‘yicha ijrochi operator etib belgilandi.