Prezidentning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida 2026-yilda hududlar masʼul rahbarlar va muassasalarga nomma-nom biriktiriladi.
Jumladan, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar tuman hokimlari, prokurorlari hamda IIOlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga biriktiriladi.
Shuningdek, 5 yildan buyon “qizil” toifada bo‘layotgan mahallalar – Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari boshliqlari, viloyat darajasidagi IIOlari rahbarlarining va hokimlarning o‘rinbosarlariga biriktirib beriladi.
Shu bilan birga, 3 yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalar – huquq-tartibot idoralarining taʼlim va ilmiy tashkilotlariga biriktirish belgilandi.
Bundan tashqari:
- kriminogen vaziyati eng og‘ir tuman va shaharlar – viloyatlar darajasidagi prokurorlarning va ichki ishlar organlari rahbarlarining birinchi o‘rinbosarlariga;
- ayollar jinoyatchiligi, spirtli ichimlik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar jinoyatchiligi hamda nizoli oilalar salmog‘i eng yuqori bo‘lgan mahallalar – tegishincha viloyatlar darajasidagi oila va xotin-qizlar, sog‘liqni saqlash hamda adliya boshqarmalari boshliqlariga.