Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qirg‘izistonning yuksak mukofotini davlat rahbariga prezident Sadir Japarov topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi qardosh Qirg‘iziston Prezidenti va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlar hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich – ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan mushtarak intilishlarning yuksak eʼtirofi sifatida qabul qilishini taʼkidladi.
1996-yilda taʼsis etilgan “Manas” ordeni Qirg‘iz Respublikasining oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi.
Respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.