Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi Maxsus operatsiyalar kuchlari poligoni bilan tanishdi (foto)

Davlat rahbari bu yerdagi jangovar va maxsus tayyorgarlik mashg‘ulotlarini tashkil qilishning yangi usullari bilan tanishdi. 

Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi Maxsus operatsiyalar kuchlari poligoni bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Poligon obyektlarida shaxsiy tarkibning jangovar ko‘nikmalarini takomillashtirish, tayyorgarlik mashg‘ulotlarini samarali yo‘lga qo‘yish hamda maʼnaviy-ruhiy barqarorligini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Davlat rahbari bu yerdagi jangovar va maxsus tayyorgarlik mashg‘ulotlarini tashkil qilishning yangi usullari bilan tanishdi. Qurolli Kuchlar bo‘linmalari bilan o‘tkazilayotgan mashqlarning faol bosqichini kuzatdi.

O‘quv davomida turli qo‘shinlarga mansub bo‘linmalarning jangovar imkoniyatlari hamda ularning birgalikdagi harakatlarining muvofiqlashganlik darajasi, shuningdek, qo‘shinlar va qurol-yarog‘ni boshqarishning yangi raqamli tizimlari namoyish etildi.

Turli jangovar operatsiyalarni o‘tkazishda uchuvchisiz uchish apparatlaridan samarali foydalanish usullari, shuningdek, turli xil o‘quv-jangovar vazifalarni bajarish jarayonida artilleriya, aviatsiya, havo hujumidan mudofaa va quruqlikdagi qo‘shinlarning birgalikdagi harakatlari ko‘rsatildi.

Bunda kichik komandirlarning zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalari va boshqaruv mahorati darajasi, shuningdek, harbiy xizmatchilarning tez o‘zgarib borayotgan jangovar vaziyat sharoitida jang maydonida zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikani samarali qo‘llash bo‘yicha kasbiy mahoratini baholashga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘quv yakunida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni bo‘linmalarning tayyorgarligi va ularning birgalikdagi harakatlarida erishilgan uyg‘unlik darajasini yuqori baholadi.

Davlat rahbari Qurolli Kuchlarning qo‘mondonlik tarkibi bilan bo‘lgan suhbatda dunyoda xavfsizlikka tahdidlar avj olayotgan bugungi tahlikali kunlarda Qurolli Kuchlar salohiyatini yana-da mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini taʼminlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning o‘zagini tashkil etishi kerakligini taʼkidladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling