Markaziy bank fevralda 11 ta bankni jarimaga tortdi

Yana 14 ta bank va 4 ta to‘lov tashkiloti chora qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan fevral oyidagi yig‘ilishlari davomida 43 ta masala ko‘rib chiqildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 30 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (3 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (1 ta), banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (6 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (5 ta), to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya qayta rasmiylashtirish (1 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (14 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rildi.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 13 ta masala ko‘rib chiqildi. 

Xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish, bank va to‘lov tashkilotlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etish hamda tashkilotlarning moliyaviy hizmatlarini “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatini tashkil etmaganligi uchun xamda inspeksiya va urganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun  11 ta bankga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Prudensial normativ talablariga rioya etilmaganligi, o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlari talablariga belgilangan tartibda muvofiqlashtirmaganligi hamda o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 14 ta bank va 4 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Bundan tashqari, 8 ta bankka nisbatan vujudga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarning bank moliyaviy barqarorligiga salbiy taʼsirini kamaytirish, ularda makroprudensual buferlar shakllantirishini taʼminlash maqsadida bank aksiyadorlariga oddiy aksiyalari bo‘yicha dividendlar to‘lash orqali foydani taqsimlamaslik talabi belgilandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling