Havo harorati pasayishi sababli 4-mart kuni soat 19:00 dan 5-mart kuni soat 10:00 gacha metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritiladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Bunga respublika hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi sabab bo‘lgan. Shu bois magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi kuzatilmoqda.
"Shunday hollarda birinchi navbatda aholi xonadonlari, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta‘minlash ustuvor vazifa hisoblanadi", deyiladi xabarda.
Mazkur choralar aholi va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror gaz ta‘minoti bilan ta‘minlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi va jamoat transport vositalari uchun gaz ta‘minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda ta‘minlanadi.