Jizzax va Parkentda 1 ming tonnadan ortiq asfalt bilan bog‘liq talon-torojlik aniqlandi

Holatlar yuzasidan obodonlashtirish boshqarmalari mas‘ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hamda Toshkent viloyatining Parkent tumanida asfalt xaridi bilan bog‘liq talon-torojlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Sharof Rashidov tumani Obodonlashtirish boshqarmasi mas‘ul shaxslari oltita ichki yo‘lda asfaltlash ishlarini bajarmasdan, xarid qilingan 348,7 mln so‘mlik 634 tonna asfaltni naqd pulga sotib, mablag‘ni o‘z ehtiyojlariga ishlatgan.

Parkent tumanida esa Obodonlashtirish boshqarmasi mas‘ullari “G.W.” MChJ bilan til biriktirib, amalda yetkazib berilmagan 540 tonna asfalt qabul qilib olingani haqida soxta hisob-fakturalar rasmiylashtirgani aniqlangan. Oqibatda 324 mln so‘m budjet mablag‘i rastrata qilingan.

Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling