Misrda qo‘lga olingan xalqaro qidiruvdagi shaxs O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

Tovlamachilik va boshqa og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan shaxs Interpol kanallari orqali aniqlandi.

Xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘ta xavfli jinoyatchi Misrdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda IIV huzuridagi Interpol Milliy markaziy byurosi ma‘lum qildi.

Qayd etilishicha, tovlamachilik va bir qator boshqa og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan shaxs O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tashabbusi bilan xalqaro qidiruvga berilgan.

Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi va Qohiradagi hamkorlari o‘rtasidagi tezkor axborot almashinuvi natijasida qidiruvdagi shaxsning Misr hududida ekani aniqlangan. Shundan so‘ng u Misr vakolatli idoralari tomonidan qo‘lga olingan.

Ekstraditsiya so‘rovi ko‘rib chiqilgach, Misr tomoni qidiruvdagi shaxsni O‘zbekistonga topshirish haqida qaror qabul qilgan. 

Barcha xalqaro-huquqiy tartib-taomillar yakunlangach, u Interpol xodimlariga topshirilib, O‘zbekistonga olib kelingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling