Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida nimalar muhokama qilinadi?

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibiga muvofiq, Toshkentda bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot berdi. Mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va uning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida uchrashuvning konseptual hujjatlari tayyorlanmoqda.

Toshkent sammiti doirasida O‘zbekiston tomoni siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiyaning yangi drayverlarini ishga tushirish, chegaraoldi savdoni ko‘paytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekani taʼkidlandi. Suv va energetika sohalarida, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Ozarbayjon tomonining uchrashuvlarda ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling